ЎРГАНГАН КЎНГИЛ ЎРТАНСА – ҚЎЙМАС

Giyohvandlik vositalari savdosi og‘ir jinoyat bo‘lib, bunday jinoyatga qo‘l urgan shaxslarga nisbatan keskin chora ko‘riladi.

***

Agar bu takroran sodir etilgan bo‘lsa, qasddan ekanligi ochiq-oydin ko‘rinib turganligi uchun, hech qanday vaj-karson jazoni yengillashtirishga yordam bermaydi.

***

Odatda, ba’zi insonlar adashib sodir etgan jinoyati uchun muayyan muddatga jazoni o‘tagach, uni yengillashtirishni so‘rab murojaat qiladi. Chin dildan pushaymon bo‘lgan shaxsni jamiyat kechiradi. Bundan to‘g‘ri foydalangan odam esa, o‘z hayotini o‘nglab ham ketadi.

***

Ammo oramizda o‘ta og‘ir jinoyat sodir etganligi uchun bir marta avf etilgan bo‘lsa-da, xuddi shunday jinoyatni takror sodir etgan shaxslar ham uchraydiki, bunday kimsalarga rahm-shafqat qilsang, hayf ketadi.

***

Samarqand viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha apellyatsiya instansiyasi jinoyat ishlari bo‘yicha Toyloq tuman sudining 2022 yil 23 sentabrdagi L. Suvanovaga va N.Xoliqovaga nisbatan tayinlangan 7 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘zgarishsiz qoldirib, apellyatsiya tartibidagi shikoyatlarini qanoatlantirmadi.

***

Birining 3 nafar, boshqasining 6 nafar farzandi bo‘la turib, boshqalarning hayotini ostin-ustun qiladigan jinoyatdan toymaydigan bu ayollarning endilikda “farzandlarim bor” deya jazoni yengillatishni so‘rashi g‘alati.

***

Gap shundaki, urgutlik L.Suvanova jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi tomonidan 2012 yilda 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan edi.

***

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma yilligi munosabati bilan e’lon qilingan amnistiya tufayli u ozodlikka chiqarilgan.

***

Xuddi u singari, N.Xoliqova ham jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy viloyati Karmana tuman sudi tomonidan 2018 yilda 5 yil ozodlikdan mahrum qilingan, ammo o‘talmay qolgan 2 oy 24 kun axloq tuzatish ishlari jazosidan shartli ravishda ozod qilingan. Afsuski, bu shaxslar taqdirning ushbu in’omidan so‘ng to‘g‘ri xulosa chiqara olmadi.

***

“Bozor ko‘rgan echkidan qo‘rq” degan naql bejiz aytilmagan. Ilgari ham sodir etgan jinoyati tufayli tergov va sud jarayonlaridan o‘tgan ayollarning bu safar ham suvdan quruq chiqishga urinishini umuman oqlab bo‘lmaydi.

***

Giyohvand kimsalar yana qanchadan-qancha o‘ta og‘ir jinoyatlarga qo‘l urgani, ushbu zahri qotil tufayli qanchadan-qancha oilalar barbod bo‘lib, kimlarningdir aziz umri yakunlanganligi haqida eshitib qolamiz.

***

Shunday paytlari har qanday sog‘lom fikrli odamda bunday giyohvand vositalar oldi-sotdisi bilan shug‘ullanuvchilarga nisbatan cheksiz nafrat hissi uyg‘onadi, ularning munosib jazo olishini istaydi. Zora, bu ikki ayol jinoyatga jazo muqarrarligini endi tushunib yetsa.